Dunyo yangiliklari

14.01.2010

MDH mamlakatlari: mualliflik huquqi sohasida hamkorlik
Rossiya mualliflik jamiyati (RAO) hamda Mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari Õalqaro konfederatsiyasi Evropa byurosi (SIZAK)ning tashabbusi bilan Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) mamlakatlarida mualliflik va turdosh huquqlarni jamoaviy boshqarish masalalariga bag’ishlangan soha rahbarlari ishtirokida birinchi õalqaro konferentsiya bo’lib o’tdi.

Anjumanda mualliflik va turdosh huquq egalarining huquqlarini himoya qilish masalasi dolzarbligini hisobga olib, MDH mamlakatlari miqyosida o’zaro hamkorlik to’g’risida õalqaro kelishuvni ishlab chiqish hamda bu sohadagi faoliyatlarni muvofiqlashtirish uchun konfederatsiya tuzish taklifi o’rtaga tashlandi va maqullandi. Huquqlarni jamoaviy boshqarish masalalari yuzasidan hozirgi vaqtda olib borilayotgan ishlar to’g’risida O’zbekiston, Ozorbayjon, Armaniston, Belarus,Qozog’iston, Qirg’iz, Moldova, Ukraina respublikalari vakillarining milliy ma’ruzalari tinglandi.

Konferentsiya ishida stats-sekretar, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining o’rinbosari Ekaterina Chukovskaya, Mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari Õalqaro konfederatsiyasi Evropa byurosining direktori Mitko Chatalbashev, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti vakili Saule Tlevlessova ishtirok etib, so’zga chiqishdi.

Mutahassislarning ekspert va tahliliy ma’ruzalaridan shu narsa ma’lum bo’ldiki, mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish masalasida MDH mamlakatlari hamkorligi barcha taraflar manfaatlarga to’la mos tushadi va intellektual salohiyatlar rivojiga hissa qo’shadi.

O’zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish Respublika agentligi matbuot xizmati

orqaga